Eron Prezidenti O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi

12 may kuni, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masud Pezeshkiyan rasmiy tashrif bilan Tehron shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida o‘zbek tomoni ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan samimiy salom va eng ezgu tilaklarni yetkazdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama hamkorlikni har tomonlama sheriklik darajasiga olib chiqishga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy ijrosini taʼminlash nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki butun mintaqaviy barqarorlik uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalari, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik hamda madaniy-gumanitar aloqalar kabi yo‘nalishlar muhokama etildi.
Tehronga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Eronning Innovatsiyalar va texnologiyalar uyiga tashrif buyurib, energetika, tibbiyot va farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va qurilish sohalaridagi ilg‘or ishlanmalar va mahsulotlar bilan tanishdi.
Shu bilan O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Eronga rasmiy tashrifi yakunlandi.