Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Eron Islom Respublikasida boʻlib turibdi.
Amaliy uchrashuv va muloqotlar tashrif dasturiga muvofiq, 11-12-may kunlariga belgilangan.
Bugun, 11-may kuni Tehron shahridagi “Saʼdobod” majmuasida Oʻzbekiston Bosh vaziri hamda mezbon mamlakat Birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref boshchiligidagi hukumatlar delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik har tomonlama rivojlanib borayotgani, bunda ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon oʻrtasida muntazamlik kasb etayotgan samimiy muloqotlar muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.
Tomonlar ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etib, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini istiqbolda Prezidentlarimiz belgilab bergan 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.
Xususan, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mazkur yoʻnalishda koʻp yillardan buyon oʻz yechimini kutayotgan muayyan masalalarni zudlik bilan hal etish yuzasidan saʼy-harakatlarni birlashtirib, aniq amaliy choralarni koʻrish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mamlakatlarimiz hududlari aro aloqalarni faollashtirish, ilm-fan, taʼlim, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdilar.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanishida tegishli vazirlik va idoralar yanada faol ishlashlari lozimligi aytildi.
Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha 2025-2027-yillarga moʻljallangan "Yoʻl xaritasi", Imtiyozli savdo Bitimining tovarlar roʻyxatini tasdiqlash bayonnomasi, Oʻsimliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Anglashuv memorandumi, Halol standart sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.