O‘zbekiston — Eron: parlamentlararo aloqalar yanada rivojlanadi

2025-yil 3-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Eron Islomiy Kengash Majlisi raisining birinchi o‘rinbosari Hamidrizo Hojiboboiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Eron parlamenti vakillari joriy yilning 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Muloqot avvalida keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodalari tufayli O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotgani alohida e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil iyun oyida Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarning yangi davrini boshlab bergani, balki O‘zbekiston — Eron munosabatlari keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Suhbat chog‘ida mehmonlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati, palataning qo‘mitalari, komissiyalarining asosiy vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, H.Hojiboboiy samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini ijobiy baholadi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tarixiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Toshkentda o‘tkazilishi juda katta siyosiy voqea. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, parlamentlararo munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganidan mamnunmiz”, — dedi H.Hojiboboiy.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muloqotlarni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
Ta’kidlash joizki, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida xorijiy davlatlar parlamentlari vakillari bilan qator tadbir va uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.