Eronda O'zbekiston turizm salohiyati taqdim etildi

18-xalqaro Tehron turizm ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga doir taqdimot o'tkazildi
Tadbirda Eron kooperatsiya, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Ahmad Meydari, Xuziston gubernatori Muhammadrizo Mavalizadeh, sog'liqni saqlash vaziri maslahatchisi Amir Sadri, Tibbiyot turizmi uyushmasi raisi Hossein Nikunam va ushbu mamlakatning yetakchi turizm kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi o'z ma'ruzasida so'nggi yillarda davlatimiz rahbari rahnamoligida turizm sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini ma'lum qildi.
Ushbu yo'nalishdagi o'zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etib kelinayotgani, "BMT Turizm" Bosh konferensiyasining 25- sessiyasi 2023-yilda O'zbekistonning Samarqand shahrida o'tkazilgani va 2024-yilda Xiva shahriga Islom hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti, Shahrisabz shahri esa Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti maqomi berilgani ta'kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilariga Samarqand shahri joriy yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi bildirildi.
Taqdimot davomida O'zbekistonda o'tkaziladigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, xalqaro maqom san'ati, baxshichilik san'ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san'ati bo'yicha "Buyuk ipak yo'li", "Lazgi" xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar to'g'risida batafsil so'zlab berildi.
Tehron universiteti professori Bahman Akbari o'z nutqida Eron hukumati tashqi siyosatining asosiy yo'nalishi yaqin qo'shnichilikka qaratilgani va O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish ushbu yo'nalishda muhim ekanligini bildirdi. U Eronning yetakchi turizm kompaniyalarini O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqirdi.