Xorazm viloyati musiqali drama teatri Tehronda o'tkazilgan xalqaro festivalda "Lazgi evolyutsiyasi" spektaklini namoyish qildi

Xorazm viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi Tehronda 43-xalqaro Fajr teatr festivali doirasida o'tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar teatr festivalida qatnashdi
Xorazm viloyati musiqali drama teatri aktyorlari mazkur festivalda "Lazgi evolyutsiyasi" spektaklini namoyish qildi.
Unda O'zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev, Eron Ijro san'ati Bosh boshqarmasi boshlig'i Atabak Nodiriy, Xorazm viloyati musiqali drama teatri direktori Dinara Ibragimova, Eron Madaniy meros, turizm va hunarmandchilik vazirligi vakillari, diplomatlar va eronlik teatr san'ati ixlosmandlari ishtirok etdi.
Namoyish avvalida elchi Fariddin Nasriyev so'zga chiqib, O'zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalarda, shu jumladan madaniyat va san'atni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati haqida so'zlab berdi.
Diplomat Yangi O'zbekistonda "Sharq taronalari", xalqaro maqom san'ati, baxshichilik san'ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san'ati bo'yicha "Buyuk ipak yo'li", "Lazgi" xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar muntazam o'tkazib kelinayotganini ma'lum qildi va Eron vakillarini ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Eron Ijro san'ati bosh boshqarmasi boshlig'i Atabak Nodiriy bunday madaniy tadbirlarni ko'proq o'tkazish ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
Xorazm viloyati musiqali drama teatri direktori Dinara Ibragimova mazkur festival doirasida "Lazgi evolyutsiyasi" spektaklining namoyishini tashkil etishda yaqindan ko'mak ko'rsatgani uchun O'zbekiston elchixonasiga minnatdorlik bildirdi. U, shuningdek, Lazgi raqsi tarixi va evolyutsiyasi haqida so'zlab berdi. "Lazgi" raqsi O'zbekiston madaniy merosining elementi sifatida YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilgani ta'kidlandi.
"Lazgi evolyutsiyasi" spektakli eronlik tomoshabinlarda juda manzur bo'ldi va ular o'zbek aktyorlari ijrosidagi qo'shiq va raqslarni olqishlar bilan kutib olishdi.