O'zbekiston hududlari va Eronning Mozandaron ustoni o'rtasida hamkorlikni jadallashishga kelishilib olindi

O'zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev Eronning Mozandaron ustoniga tashrifi doirasida gubernator Mehdi Yunusiy Rostamiy bilan uchrashuv o'tkazdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o'rtasida mintaqalararo hamkorlikni turli sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish masalalari muhokama qilindi.
Mozandaron gubernatori so'nggi yillarda Eron va O'zbekiston rahbarlarining siyosiy irodalari bilan ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqqanini e'tirof etdi. Uning qayd etishicha, savdo-sanoat, investitsiya, qishloq xo'jaligi va turizm kabi sohalarda o'zaro hamkorlik ko'lamini yana-da kengaytirish salohiyati mavjud.
Muloqot chog'ida mazkur yo'nalishda munosabatlarni rivojlantirish maqsadida bo'lajak tadbirlar rejasi yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Eron va O'zbekiston o'rtasida savdo aloqalarini rivojlantirish maqsadida ishbilarmon doira vakillarining hududlarga o'zaro tashriflarini tashkillashtirish hamda qo'shma savdo ko'rgazmalarini tashkil etish bo'yicha kelishilib oldi.