Eron milliy kutubxonasi va arxivlar tashkilotida O'zbekiston xonasi tashkil etildi

Eron milliy kutubxonasi va arxivlar tashkilotida O'zbekiston xonasi ochildi
Yurtimiz salohiyatiga bag'ishlangan bo'limning ochilish marosimida Eron milliy kutubxonasi va arxivlar tashkiloti raisi G'ulomrizo Amirxoniy, Milliy muzey direktori Jebrayel Nokandeh, professor-o'qituvchilar, adabiyotshunoslar hamda kitob shinavandalari ishtirok etishdi. O'zbekiston tomonidan mamlakatimiz elchisi Fariddin Nasriyev, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov (onlayn), hamda amaliy safar bilan Eronda bo'lib turgan Islom sivilizatsiyasi markazi mas'ullari qatnashdi.
Eron tomoni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda turli yo'nalishlarda, shu jumladan, diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Eron milliy kutubxonasi va arxivlar tashkiloti raisi G'ulomrizo Amirxoniy o'z ma'ruzasida 2024-yil 23-26-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o'tkazilgan "Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori" VIII xalqaro kongressida ishtirok etish uchun yurtimizda bo'lganini ta'kidladi. "Yurtingizga safar davomida bunyod etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdim hamda Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarga shaxsan guvoh bo'ldim", – dedi u.