O'zbekistonning "Oltin viza" dasturi xorijiy investorlarni rag'batlashtirish yo'lidagi navbatdagi qadam

So'nggi paytlarda O'zbekiston keng jamoatchiligi o'rtasida, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xorijliklarga, xususan, chet ellik investorlarning mamlakatimizda yashashi bo'yicha "Oltin viza" berish tartibiga kiritilgan o'zgartishlar katta qiziqish uyg'otmoqda
Xo'sh, "Oltin viza" dasturi nima o'zi, ushbu loyiha O'zbekiston iqtisodiyotiga va xorijliklarga qanday naf keltiradi. Ana shu savollarga javob topish maqsadida mazkur tizim bilan bog'liq tartibotlar haqidagi hujjatlar bilan tanishdik.
Jumladan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18-aprel kuni qabul qilingan "Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmonida "Oltin viza" berish haqida so'z borgan.
Bu masala farmonning 26-bandida o'z ifodasini topgan. Hujjatga muvofiq, investitsiyalarni rag'batlantirish maqsadida joriy yil 1-iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga 250 ming AQSh dollari hamda ularning har bir oila a'zosiga (turmush o'rtog'i, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSh dollari miqdoridagi to'lovlar evaziga O'zbekistonda yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.
"Oltin viza" dasturi xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, huquqiy kafolatlar berish, mamlakat sarmoyaviy muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, bu mamlakat ochiqligi, kapitalni himoya qilish, barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo'shadi.
Ta'kidlash kerakki, so'nggi sakkiz yilda, xalqaro maydondagi ziddityalarga qaramasdan ochiq va pragmatik tashqi siyosat yurgizish O'zbekistonning jahon arenasidagi tashrif qog'oziga aylandi.
Mamlakatimiz, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qulay makonga aylandi. O'sib borayotgan iqtisodiy salohiyati bilan ushbu yo'nalishda O'zbekiston Markaziy Osiyoda eng jozibador manzil hisoblanadi, desak xato bo'lmaydi.
Albatta, xorijiy investorlarni ishonchini qozonish uchun ularga zarur sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlarni tadbiq etilishi kerak. Bunday yondashuv nafaqat O'zbekistonda balki butun dunyo tajribasida mavjud.
Hozirgi kunda, ayniqsa jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan global muammolar fonida investitsiya uchun butun dunyoda kurash keskinlashmoqda. Investor turgan gapki, o'ziga qulay sharoit yaratilgan va xavfsiz sarmoyaviy muhitga ega mamlakatni tanlaydi. Chunki, u sarflayotgan mablag'ini ishonchli qonuniy himoyasini ko'rishni xohlaydi.
Yetti-sakkiz yil avval O'zbekistonga investitsiya kiritishga yetakchi kompaniyalar ikkinlangani rost. Bu sarmoyadorlarning manfaatdorlik huquqi yetarlicha ta'minlanmaganidan dalolat beradi. Biroq, 2017-yildan boshlab O'zbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish bo'yicha tub islohatlar amalga oshirildi. Xususiy mulk egalari, shu jumladan investorlar huquqlari kafolatlari yangilandi, ular xatto Bosh qomusimizda yana-da mustahkamlandi. Shuningdek, o'tgan yillarda xorijiy investitsiyalarni rag'batlantirishga oid davlatimiz rahbarining qator qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilindi.
Natija ham uzoq kuttirgani yo'q. Bugun yurtimizning qaysi go'shasiga bormang, yangi investitsiyaviy loyihalar va qo'shma korxonalarga duch kelasiz. Ular yurtimiz ravnaqi, aholimiz farovonligini ta'minlashga, yangi ish o'rinlari yaratishga va ijtimoiy obyektlar qurilishiga xizmat qilayapti.
Shu asnoda, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta'sis etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg'otib, an'anaviy tarzda o'tkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, davlatimiz yetakchisi huzurida Xorijiy investorlar kengashi tuzilgan.
Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, mamlakatimizni investitsiyaviy, savdo-texnologik va innovatsiyaviy rivojlantirishning eng muhim yo'nalishlari bo'yicha maslahat berish hamda O'zbekiston hukumati va xorijiy investorlar o'rtasida ochiq muloqotni ta'minlashdan iborat. 2022-yilda bo'lib o'tgan birinchi sessiyada ushbu mexanizmning samarali faoliyat yuritishi uchun poydevor yaratilgan edi.
2024-yil may oyida bo'lib o'tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi bo'lib o'tdi.
Unda kengash a'zolarining qo'llab-quvvatlashi orqali O'zbekiston jadal o'sish sur'atlarini namoyish qilishda davom etishi, xalqimiz turmush darajasini oshirishi va yurtimiz farovon kelajagini ta'minlashiga ishonch bildirildi.
O'zbekiston Prezidenti Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida xorijiy sarmoyadorlarni qo'llab-quvvatlab, quyidagi fikrlarni bildirgan edi. "Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo'ldagi to'siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat'iy qadamlar tashladik. Aynan shu bois har bir sarmoyador o'zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirayapmiz".
Ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi yetti yilda mamlakatimizga 100 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik bo'yicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulotni o'zimizda ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan.
Xorijiy investorga "Oltin viza" berish bo'yicha navbatdagi tashabbus ham yurtimizga chet eldan sarmoyalarni jalb etishni jadallashtirishga keng yo'l ochadi.
Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xorijiy investorlar ham Yangi O'zbekistondagi keng ko'lamli islohotlar dasturini yuqori baholamoqda. Ularning ta'kidiga ko'ra, davlatimiz rahbariga investitsiya faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlayotgani va o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qat'iy intilishi yuksak e'tirofga loyiq.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolarining xorijiy investorlar bilan faol muloqoti muhim ahamiyatga ega. Bunday yondashuv mamlakatning iqtisodiy o'sishi hamda taraqqiyoti uchun to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag'batlantirishga aniq va ishonchli ishora bo'ldi.
Yurtingizdagi zamonaviy shart-sharoitlar va yangi tashabbuslar O'zbekistonni to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni qabul qilishga tayyor davlat sifatida namoyon etdi.
Shuningdek, davlatingiz rahbari amalga oshirgan iqtisodiy islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, bank sektori va pul-kredit islohotlarini erkinlashtirish, davlat korxonalarini tarkibiy o'zgartirish hamda xususiylashtirish va boshqa ko'plab ishlar xorijiy investorlarga ishonch va kuch bag'ishlamoqda.
O'zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvimiz chog'ida u mening O'zbekistonga investitsiya kiritish bo'yicha barcha rejalarimni diqqat bilan tingladi va tegishli odamlarga barcha zarur yordamni ko'rsatish bo'yicha aniq va tezkor topshiriqlar berdi. Natijada, shakar ishlab chiqarishga qariyb 400 million dollar investitsiya kiritdik. Shuningdek, oltin va mis qazib olishga esa 20 million dollardan ortiq dastlabki sarmoyani jalb qildik", – deydi Misrning yetakchi "Orascom Investment Holding" kompaniyasi asoschisi Nagib Saviris.
Mutaxassislarga ko'ra, xalqaro amaliyotda, jumladan, Yevropa mamlakatlari, AQSh, BAA, Singapur va boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan bunday viza dasturlari mavjud.
Jumladan, "Oltin viza" dasturi Portugaliya 250-500 ming yevro, Gretsiyada 250 ming yevro, Kiprda 300 ming yevro, BAAda 550 ming AQSh dollari, AQShda 5 million dollar, Ispaniyada 500 ming dollar, Singapurda 7,7 million dollar, Vengriyada 250 ming dollar, Latviyada esa 60 ming dollar qilib belgilagan.
Mazkur dastur yuqorida qayd etilgan davlatlarda kapital, texnologiyalar va ishbilarmonlik faolligini jalb qilishning samarali vositasi sifatida o'zini oqlagan. "Oltin vizalar"ning berilishi xorijiy investorlar uchun qulay va oldindan bashorat qilish mumkin bo'lgan muhitni yaratadi. Huquqiy kafolatlarni ta'minlaydi va investitsiya muhitiga bo'lgan ishonchni mustahkamlaydi. Yangilik mamlakatning ochiqlik, kapitalni himoya qilish va barqaror xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga strategik yo'naltirilganligini aks ettiradi.
Ba'zi mamlakatlar "Oltin vizalar"ni, taklif qilishadi, ba'zilari esa "Oltin pasport" orqali hatto chet elliklar uchun to'liq fuqarolikni beradi. Ularning maqsadi mamlakatga kapital va boy xorijiy investorlarni jalb qilishdan iborat.
Markaziy Osiyo davlatlari ham "Oltin viza" tartiblarini joriy etmoqda. Xususan, shu yil aprel oyida Qozog'iston investor vizasini olishning yangi qoidalarini amalga kiritdi. Vizaga Qozog'iston kompaniyalari ustav kapitaliga yoki mahalliy emissiyaviy qimmatli qog'ozlarga kamida 300 ming dollar sarmoya kiritganlar ariza topshira oladi. Keyinchalik ular 10 yillik yashash guvohnomasini olishlari mumkin.
Muxtasar aytganda, "Oltin viza" dasturi milliy iqtisodiyotni texnik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, davlat obyektlarini xususiylashtirish jarayonlariga, respublikaning ishchi kuchi mavjud bo'lgan hududlarida yangi ish joylarini yaratish maqsadlariga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga xizmat qiladi.