19-21 may kunlari Termizda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

2025-yil 19–21-may kunlari Termiz shahrida «Tinchlik, doʻstlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish« mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
Tashkilotchilar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi.
Forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin vakillarni bir yerga jamlaydi. Ular orasida siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar aʼzolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlari bor.
Muloqotdan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlikni mustahkamlash boʻyicha 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surish uchun koʻp tomonlama munozara maydonini shakllantirish.
Forum ishtirokchilari Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qiladilar. Asosiy eʼtibor xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalariga qaratiladi.
Forum yakunlari boʻyicha kutilayotgan asosiy natijalardan biri, bu – Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi Kommyunike qabul qilinishi hisoblanadi.
Termiz muloqoti mintaqalararo bogʻliqlikni yanada rivojlantirish, keng Yevrosiyo qitʼasida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash istiqbollarini belgilash uchun doimiy platforma vazifasini bajarishi koʻzda tutilgan.
Tadbir Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Termiz xalqaro savdo markazi” hududida oʻtkaziladi.