Senatda Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning (PI) 150-yubiley assambleyasi arafasida Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston parlamenti va Osiyo Parlament Assambleyasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ekologiya, barqaror rivojlanish va xalqaro siyosat sohalarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shu jumladan ekologik xavfsizlik, “yashil” texnologiyalardan foydalanish, kambag‘allikni qisqartirish, suv taʼminotini yaxshilash va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muhammad Rizo Majidiy Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, ayniqsa, yangi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi doirasida O‘zbekiston erishgan yutuqlarni alohida taʼkidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, Assambleyaga aʼzo mamlakatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, turizm sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shu jumladan, tajriba almashish va madaniy aloqalarni mustahkamlashga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida mavjud tashabbuslar doirasida faol ishlarni davom ettirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.