O'zbekiston – 2030: yangi davlat dasturining aholi hayotidagi ahamiyati

Mamlakatimizda 2025 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamasidan o‘tkazilib, yaqinda rasman qabul qilindi. Ushbu muhokamalar parlamentning ikkala palatasida, siyosiy partiyalar, mehnat jamoalari, yoshlar orasida va mahallalarda faol o‘tkazildi. Jarayonlar keng jamoatchilikka ochiq tarzda yetkazilib, ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borildi.
Bunday ochiq muhokamalar aholining siyosiy jarayonlarga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularning faol ishtirokini ta’minladi. Davlat dasturida nazarda tutilgan muhim tashabbuslar haqida xabardorlikni oshirish va fuqarolarning qimmatli takliflarini olish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Natijada, aholi va ekspertlarning 100 ga yaqin konseptual hamda mingdan ortiq tahririy takliflari qabul qilindi. E’tiborli jihati shundaki, muhokamalarda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat va xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar ham faol ishtirok etdi. Ular tomonidan bildirilgan takliflar dasturni takomillashtirishda inobatga olindi.
Hayot sifatini oshirish – asosiy maqsad
Davlat dasturi doirasida aholi hayot sifatini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu yo‘nalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi: Yashil hududlarni kengaytirish: shahar va mahallalarda ko‘chalar bo‘ylab daraxt ekish, yashil zonalar tashkil etish. Transport infratuzilmasini yaxshilash: piyodalar va velosiped yo‘laklarini yaratish, ekologik toza jamoat transportini rivojlantirish. Suv tejamkorligi: yomg‘ir va oqova suvlarni qayta ishlash orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanuvchi energiya manbalari
Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida quyosh va shamol energiya manbalaridan samarali foydalanish yo‘nalishida hududlarda 74172 ta quyosh panellari o‘rnatilib, 785 MVt qo‘shimcha quvvat yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, quvvati 225 MVt bo‘lgan gidroeektr stansiyalarini barpo etish belgilangan. Bu chora-tadbirlar orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyot va investitsiya muhiti
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish maqsadida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. 2025 yilda iqtisodiy o‘sish kamida 6 foiz, sanoat 6 foiz, bozor xizmatlari 14,5 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga ga o‘sishi rejalashtirilgan. Eksport salohiyatini oshirish maqsadida mahalliy tadbirkorlar uchun “korxonabay” ishlash tizimi joriy etilib, ularning mahsulotlarini xalqaro bozorga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida islohotlar davom etadi
Davlat dasturi ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini ham qamrab olgan. Maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida olis va chekka hududarda mobil guruhlar tashkil etiladi. Bunda maxsus jihozlangan avtobuslar ajratilib, bolalar o‘yin maydonchalari tashkil etiladi. Uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun qulayliklar yaatish maqsadida bolalar uchun mbil qurilmalarda ishlaydigan maxsus platforma yaratiladi, platforma elektron va video darsliklar turli yoshdagi o‘quvchilar ehtiyojlariga moslashtiriladi va “Oylayn mentorlik” tizimi joriy qilinadi, bu esa o‘quvchilarga pedagogik yordam olish imkoniyatini beradi.
Pedagoglarni rag‘batlantirish maqsadida o‘zbek tili va adabiyoti sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar oylik maoshiga 50% foiz ustama to‘lanadi, maktablarga 500 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilinadi. Shuningdek har bir tumanda (shaharda) inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan maktablar tashkil etiladi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambag‘al oila farzandlari oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilinadi.
Sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish doirasida tibbiy muassasalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, markazlashgan laboratoriyalar tashkil etiladi. Shuningdek, shifoxonalarda raqamli navbat tizimi joriy qilinib, tibbiy xizmat ko‘rsatishning samaradorligi oshiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida yangi kasb-hunar markazlari tashkil etilib, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, investitsiya loyihalari orqali yangi ish o‘rinlariyaratilib, aholi daromadlari oshiriladi.
Yashil iqtisodiyot va ekologik tashabbuslar
Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida aholi uylarida energiya tejamkor uskunalar o‘rnatish uchun maxsus subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Orol dengizi tubida 100 000 gektar “yashil maydon”barpo etilishi rejalashtirilgan, bu esa ekologik muhitni yaxshilashga katta hissa qo‘shadi. Shuningdek, 9452 mahallada 32 milliondan ortiq ko‘chatlar ekiladi, 5,8 million xonadon va 103 778 ming ichki ko‘chalarda 388 million dona gul va qadamchalar o‘tqaziladi.
E’tiborlisi, 2025 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod uchun ham mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi. Shu bois, har birimizning mazkur islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz maqsadga muvofiq. Bu bilan yurtimiz taraqqiyoti va xalq farovonligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori