Malayziya bilan hamkorlikni chuqurlashtirish - O‘zbekiston tashqi siyosatining Osiyo mintaqasidagi muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir

Malayziya bilan hamkorlikni chuqurlashtirish - O‘zbekiston tashqi siyosatining Osiyo mintaqasidagi muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir
Bugungi kunda Malayziya davlati bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish davlatimizning Osiyo yo‘nalishidagi tashqi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Bu yil ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 33 yil to‘ladi. Bu davr mobaynida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, tenglik, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish kabi tamoyillarga asoslanib, izchil va samarali rivojlanib kelmoqda.
O‘zbek va malay xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalari din mushtarakligi, urf-odatlar va madaniy qadriyatlarning o‘xshashligiga asoslanadi.
Mamlakatlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan "O‘zbekiston - 2030" va «Malaysia MADANI» rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik dasturlarining asosiy maqsad va vazifalarida o‘xshashlik mavjud bo‘lib, ular barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda aholining turmush sifati va farovonligini oshirishga qaratilgan.
Oliy darajadagi tashriflar va davlatlararo muloqotning yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunga kelib, oliy darajada 6 ta tashrif amalga oshirildi. 2020 yilda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida “do‘stlik guruhlari” tashkil etildi, bu esa parlamentlararo muloqotni sezilarli darajada faollashtirdi.
Xususan, 2023 yil aprel oyida Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johori bin Abdul O‘zbekistonga tashrif buyurdi, 2024 yil iyun oyida esa Malayziya parlamenti Senati spikerining o‘rinbosari Nur Jazlan Muhammad mamlakatimizga tashrif buyurdi. O‘z navbatida, o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Malayziyaga javob tashrifi bilan bordi.
Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilib, unda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibidagi dolzarb masalalarini muhokama qiladilar.
Bugungi kunga kelib, siyosiy maslahatlashuvlarning 6 ta bosqichi o‘tkazildi. Xususan, 2024 yil fevral va iyul oylarida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar Malayziyaga tashrif buyurdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasida hukumatlararo va boshqa turdagi 25 ta hujjatdan iborat shartnomaviy-huquqiy baza shakllangan.
Bundan tashqari, Toshkent va Kuala-Lumpur BMT, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashi (OHICHK), Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati kabi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlik qilib, bir-birlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha qarashlarining yaqinligini namoyon etadilar.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlarda yanada faol dinamika kuzatilmoqda. Ikki davlat rahbarlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘rtasidagi faol va ishonchli siyosiy muloqot natijasida bugungi kunda O‘zbekiston va Malayziya hamkorligi mazmunan boyib, yanada yuqori darajaga ko‘tarilmoqda.
Shubhasiz, 2024 yilning may oyida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka sezilarli sur’at bag‘ishladi. Tashrif yakunida muhim kelishuvlarga erishildi va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar kengayishi bo‘yicha yangi ufqlar belgilab olindi.
Xususan, ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolandi. Unda siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdori ekani tasdiqlandi. Ikki mamlakat rahbarlari yaqin kelajakda tomonlararo munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqish zarurligini ta’kidlashdi.
Tashrif doirasida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Malayziya biznes-forumi yakunida qiymati 3 milliard dollardan ziyod 19 ta investitsiyaviy bitimlar imzolandi.
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalari izchil rivojlanib borayotganini va 2020 yildan buyon 2,5 barobarga oshganini alohida ta’kidlash lozim. O‘zbekiston hududida Malayziya kapitali ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 37 taga yetdi.
Tashrif davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida amaldagi ikki tomonlama Savdo qo‘mitasini Hukumatlararo komissiyaga aylantirishga kelishib olindi. Uning birinchi yig‘ilishi 2024 yil may oyida Kuala-Lumpurda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Bundan tashqari, tomonlar yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish uchun maxsus O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida kelishib oldilar. Albatta, bu hududning tashkil etilishi mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini sezilarli darajada chuqurlashtirishga va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarni yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi.
Bu borada sanoat kooperatsiyasining muhim yo‘nalishi sifatida mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni qayd etish mumkin. Ma’lumki, Malayziya yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirishda ilg‘or natijalarga erishgan bo‘lib, bu soha mamlakat yalpi ichki mahsulotining 25 foizini tashkil etadi. Bu davlat yarimo‘tkazgichlar eksporti bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinda turadi va mikrochiplarni sinash va yig‘ish bo‘yicha esa jahon bozorining 13 foizini tashkil etadi.
Yaqin kelajakda Malayziya “mikrosxemalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlat”ga aylanishni va jahondagi yarimo‘tkazgichlar savdosidagi ulushini hozirgi 7 foizdan 2029 yilga borib 14 foizgacha oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu borada 2024 yilda yarimo‘tkazgichlarni rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilinib, unga qariyb 107 milliard dollar investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Strategik kamyob resurslar salohiyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston ham jahon bozorida talabgir bo‘layotgan yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika mahsulotlarini ishlab chiqarishni faol ravishda rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatimiz Malayziya bilan yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ushbu sohada qo‘shma startap loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
Farmatsevtika sohasi ham sanoat kooperatsiyasining yana bir muhim yo‘nalishlaridan bo‘lishi mumkin. Malayziya mazkur sohada mahsulot ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. 2024 yilda mamlakatning farmatsevtika tarmog‘idagi umumiy daromadi 1,7 milliard dollardan oshdi.
O‘zbekiston ham farmatsevtika sanoatini rivojlantirishni keng qo‘llab-quvvatlamoqda hamda dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan boy tabiiy resurslarga ega. Shu munosabat bilan dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda farmakologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud.
“Halol” mahsulotlar ishlab chiqarish sohasi ham O‘zbekiston-Malayziya hamkorligida muhim o‘rin tutadi. “Halol” mahsulotlarga global miqyosda talab oshib borayotgan bir paytda O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalish alohida ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda ushbu standartdagi mahsulotlar bozori jadal sur’atlar bilan o‘sib, bugungi kunda 2,6 trillion dollarni tashkil qilmoqda. Mutaxassislarning prognoziga ko‘ra, 2030 yilga kelib, bu ko‘rsatgich
5 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.
O‘z navbatida, Malayziya “halol” mahsulotlarni eksport qiluvchi yirik davlatlardan biri hisoblanadi va oziq-ovqat, kosmetika va farmatsevtika mahsulotlarini “halol” sertifikatlash borasida jahon miqyosida yetakchi o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda Malayziyaning umumiy eksportida “halol” mahsulotlarning ulushi 17,3 foizni tashkil etadi.
Qolaversa Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) “halol” mahsulot va xizmatlarini sertifikatlashtirishni nazorat qilish bo‘yicha yetakchi organ hisoblanadi. Mazkur tashkilot tomonidan taqdim qilinadigan sertifikatlar dunyoning 49 ta mamlakatida tan olinishi unga bo‘lgan ishonchning dunyo hamjamiyatida yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joizki, 2018 yildan boshlab Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti va "O‘zstandart" agentligi o‘rtasida O‘zbekistonda "halol" sertifikatlash tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik yulga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada faollashtirish mamlakatimizda "halol" sanoatni rivojlantirish va O‘zbekistonning bu kabi mahsulotlarini global yetkazib berish zanjirlariga integratsiyalashuvi yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Ikki tomonlama hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi islom bank-moliya tizimi bo‘lishi mumkin. Bu tizim bugungi kunda jahon moliya sektorining muhim qismiga aylanmoqda. Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyodagi jami islom bank-moliya aktivlari 4,5 trillion dollardan oshadi. "Mordor Intelligence" xalqaro marketing kompaniyasi prognozlariga ko‘ra, 2024-2029 yillarda islom moliya bozorida o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 10 foizdan ortiqni tashkil qiladi.
O‘z navbatida, bugungi kunda Malayziya xalqaro islom moliyasi markazi sifatida tan olingan. U birinchilardan bo‘lib islom banki va sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonunlarni joriy etdi. Islom banklararo pul bozorining hajmi bozor umumiy hajmining uchdan bir qismini tashkil etadi va shariatga muvofiq qimmatli qog‘ozlar ulushi esa kotirovka qilingan aksiyalarning 81 foizini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, Malayziyada islom moliyasi sohasida ta’lim tizimi keng rivojlangan. Islom moliyasi sohasidagi xalqaro ta’lim markazi (INCEIF) bu yo‘nalishdagi yetakchi muassasa hisoblanadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Malayziya tomoni bilan islom bankingni rivojlantirish, shuningdek bu sohada kadrlar tayyorlash va bank mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Malayziya o‘zaro hamjihatlikni chuqurlashtirish va ikki xalq madaniyatini boyitishga xizmat qilayotgan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Yildan-yilga turizm, sog‘liqni saqlash, sport sohalarida hamkorlik chuqurlashmoqda, madaniy aloqalar mustahkamlanib, ta’lim va akademik almashinuvlar kengaymoqda. Muntazam o‘tkazilayotgan qo‘shma konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, sayyohlik yarmarkalari, madaniyat va kino kunlari, konsert va festivallar buning yaqqol dalilidir.
Shu o‘rinda, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasi alohida e’tiborga loyiqdir. Masalan, Malayziya hukumatining texnik hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekiston vazirlik va idoralarining 850 dan ortiq mutaxassisi Malayziyada turli qisqa muddatli kurslar va seminarlarda malakasini oshirgan. Bugungi kunda taxminan 500 nafar o‘zbek talabasi nufuzli Malayziya oliygohlarda tahsil olmoqda.
2021 yilda Urganch shahrida Malayziyaning “Binary” Xalqaro universiteti filiali ochildi. Unda menejment, axborot texnologiyalari va tadbirkorlik sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz Malayziyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan “yashil” energetika, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot, islom banking, “halol” ishlab chiqarish sanoati va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirmoqda.
Turizm sohasidagi hamkorlik ulkan salohiyatga ega. Malayziya va O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan. Oqibatda so‘nggi yillarda O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi malayziyalik sayyohlar soni barqaror o‘sib bormoqda. Agar 2023 yilda ularning soni 4396 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 8854 kishiga yetdi.
Yurtimizda butun dunyo musulmonlari uchun katta qiziqish uyg‘otadigan ko‘plab betakror me’moriy obidalar, qadimiy masjid va madrasalar, islom olamining buyuk olimlari, ulamo va mutafakkirlari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy kabi ulug‘ shaxslarning qabrlari joylashgan.
Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli O‘zbekiston bugungi kunda islom dunyosidagi eng yirik ziyorat maskanlaridan biriga aylanmoqda. Turli global reytinglarda mamlakatimizning o‘rni oshib borayotgani ham shundan dalolat beradi. Xususan, Global Muslim Travel Index (GMTI-2023) indeksida respublika xalqaro ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha 140 mamlakat orasida 13-o‘rinni egalladi. "Halal in Travel Awards 2023" marosimida Xiva "Yilning islom yo‘nalishi" mukofotiga sazovor bo‘ldi.
E’tiborlisi, 2024 yilda O‘zbekiston Malayziya tomonidan nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi. Mamlakatimiz "Osiyo mintaqasida boy me’moriy merosga ega bo‘gan yilning eng yaxshi manzili" nominatsiyasida e’tirof etildi. Shu munosabat bilan ikki davlat tarixiy islom yodgorliklari joylashgan Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva shaharlari bo‘ylab ziyorat turizmini rivojlantirishga e’tibor qaratgan holda qo‘shma turlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishi muhimdir.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Malayziya o‘zaro hamkorlikning aksariyat yo‘nalishlari bo‘yicha manfaatlari mushtarak bo‘lgan uzoq muddatli sheriklar ekanini katta ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Munosabatlarimizda davlatlar xalqlari farovonligi yo‘lida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratildi.
Madina Aripova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Strategik va mintaqalararo
tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi